Hindiston aholisining 25 foizidan ko‘prog‘i yoki 330 million kishi qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarda istiqomat qilmoqda. Bu haqda, Times of India nashriga asoslanib, “RIA Novosti” yozmoqda.
Bu raqamlar Swaraj Abhiyan nohukumat tashkilotining petitsiyasini ko‘rib chiqqan sud majlisida oshkor etildi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Uttar-Pradesh, Karnataka, Madxya-Pradesh, Andxra-Pradesh, Telangana, Maxarashtra, Gujorat, Odishya, Jarkxand, Bixar, Xaryana va Chxattisgarx shtatlari aholisi qahatchilik va qurg‘oqchilik tufayli aziyat chekmoqda, shtatlar hukumatlari esa ularga yordam ko‘rsatish borasida yetarli ishlarni olib bormayapti.
Sudga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta zarar Uttar-Pradesh shtatiga keltirilmoqda — u yerda qurg‘oqchil hududlarda yashovchi aholi adadi 98 million kishini tashkil qiladi. Umuman olganda, yuqorida tilga olingan 12 shtatdagi 678 tumandan 254 tasida qurg‘oqchilik hukm surmoqda.
Sudda davlat manfaatlarini himoya qilayotgan bosh prokuror ofisi vakilining ishontirishicha, hukumat muhtojlarga turli mexanizmlar orqali bir million dollardan ortiq qiymatdagi moddiy yordam jo‘natgan.
Ilgariroq mamlakat janubida hukm surayotgan jazirama tufayli oxirgi ikki hafta mobaynida kamida 200 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)