Futbol bo‘yicha Ispaniyaning “Real” klubi futbolchilari bosh murabbiy Zinedin Zidanning faoliyatidan qoniqish hosil qilayotgani haqida Marca nashriga asoslanib, “Chempionat” xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, futbolchilar ularning “tilida” so‘zlasha oladigan fransiyalik mutaxassis bilan yaxshi aloqada. Madrid klubi yetakchisi Krishtianu Ronaldudan tortib, qolgan futbolchilarga qadar Zidan jamoada qolishi kerak, deb hisoblaydi. “Real” rahbariyati esa og‘ir pallalarda klubdagi xotirjamlikni saqlay olgani uchun ham Zidanning ishidan hayratga tushgan.
Zidan La Liga 18-turidan keyin Madrid klubini qabul qilib olgandi. 31-tur doirasida “Barselona” va Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalida “Volfsburg” klublari mag‘lub etilganidan keyin mutaxassisga bo‘lgan ishonch yanada ortdi.
“Real” La Liga 33-turidan keyin 75 ochko to‘plab, 76 tadan ochkosi bor “Barselona” hamda “Atletiko”dan keyin uchinchi jamoa bo‘lib turibdi. Chempionlar Ligasining yarim finaliga yo‘l olgan klub 26-aprel va 4-may sanalarida “Manchester Siti”ga qarshi final ostonasida ikkita o‘yin o‘tkazadi.
Izoh (0)