2016-yilda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi 2004—2015-yillarda foydalanishga topshirilgan sport inshootlari va umumta’lim maktablarining sport zallarini qayta jihozlash bo‘yicha manzilli dasturga kiritilgan 212 ta sport inshooti va 6892 ta umumta’lim maktabining sport zallarini 28,3 milliard so‘mlik 93 nomdagi sport anjomlari bilan jihozlaydi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Jamg‘armaning mintaqaviy filiallari tomonidan 2016-yilning birinchi choragida 2978 ta sport musobaqasi tashkillashtirildi (2350 ta qishloq joylarida) va ularda 627 598 nafar sportchi (455 687 nafari qishloq joylaridan), shundan 265 294 nafar qizlar ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2002-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2003—2015-yillar mobaynida jami 2205 ta inshoot qurib foydalanishga topshirildi. Ulardan 1922 tasi sport inshooti, 283 ta bolalar musiqa va san’at maktabidir. Bugungi kunda O‘zbekistonda 2,6 milliondan ortiq bola sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Shundan bir milliondan ortig‘ini qizlar tashkil qiladi.
Izoh (0)