General Motors konserni prezidentining global dizayn bo‘yicha o‘rinbosari Ed Uelbern 1-iyundan e’tiboran nafaqaga chiqishini ma’lum qildi. Uning konserndagi faoliyati 44 yil davom etdi, deb xabar beradi Motor nashri.
Uelbernning GM’dagi faoliyati Buick kompaniyasi eksteryerlar dizayni studiyasidan boshlandi. Undan so‘ng 65 yoshli mutaxassis Oldsmobile va Saturn kompaniyalarida ishladi. 2005-yilda esa u GM tarkibiga kiruvchi barcha markalar uchun javobgar etib belgilandi.
Uelbern rahbarligi ostida ko‘plab prototiplar yaratildi. Bular qatorida Buick Avenir, Chevrolet Bolt, Chevrolet Chaparral, Cadillac Elmiraj,Opel Monza hamda ikkinchi avlod Chevrolet Niva’ning seriyaoldi varianti, oxirgi avlod Chevrolet Corvette Stingray bor.
Uelbernning o‘rnini Maykl Simko egallaydi. U konsernga 1983-yilda Avstraliyadagi Holden kompaniyasi dizayneri sifatida qo‘shildi. Oxirgi bir necha yil davomida Simko GM’ning Janubiy Koreyadagi bo‘linmalari yaratgan avtomobillar dizayni ustida ishladi.
Izoh (0)