Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar chog‘ida Ozarbayjon tinch aholisining ikki vakili halok bo‘ldi, yana o‘n nafari jarohatlandi. Shu munosabat bilan Ozarbayjon Bosh prokuraturasi turli moddalar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘adi, deb yozadi “RBK” mamlakat nazorat muassasasi va ichki ishlar vazirligining qo‘shma bayonotiga tayanib.
Unga ko‘ra, o‘q yomg‘irida avtomobillar yo‘lovchilari halok bo‘lgan. Transport vositalari haydovchilari, o‘z kvartiralarida bo‘lgan tinch aholi, shuningdek, o‘tkinchilar turli og‘irlikdagi jarohatlar olgan. Ular kasalxonaga yotqizilgan.
Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ma’lum qilishicha, tinch fuqarolarga jiddiy ruhiy va jismoniy zarar yetkazilgan. Artilleriyadan berilgan zarbalar natijasida yuqori kuchlanishli elektr uzatish simlari va transport vositalari yo‘q qilingan. Maktab va turar-joylar vayron etilgan.