Xitoyning Sian An shahrida boks bo‘yicha Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmalari uchun Osiyo va Okeaniya mintaqalarining qo‘shma litsenzion turnirining final bellashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi.
“Sports.uz” internet-nashrining xabar qilishicha, -91 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik Rustam To‘laganov xitoylik Yu Fenkayga qarshi jang o‘tkazib, ishonchli g‘alabaga erishdi va O‘zbekiston termasiga beshinchi oltin medalni taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, 31-mart, payshanba kuni Rustam To‘laganov musobaqaning yarim finalida avstraliyalik Jeyson Vateleyga qarshi jangda raqibini nokautga uchratib, musobaqa finali va Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi sharafini yetti nafar bokschi himoya qildi. Shulardan besh nafari – Hasanboy Do‘smatov (-49 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Shahram G‘iyosov (-69 kg), Elshod Rasulov (-81 kg) va Rustam To‘laganov (-91) oltin, ikki nafari Bahodir Jalolov (+91 kg) va Yodgoroy Mirzayeva (-51 kg) kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)