Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yadroviy xavfsizlik bo‘yicha to‘rtinchi xalqaro sammit bu formatdagi oxirgi tadbir bo‘ldi. Bu haqda, ishtirokchilarning Oq Uy tomonidan chop etilgan yakuniy kommyunikesiga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Aytilishicha, o‘sib borayotgan yadroviy terrorchilik tahdidi xalqaro hamkorlikni, shu jumladan, milliy qonunchilik me’yorlariga muvofiq ravishda axborot almashishni talab qiladi.
Shuningdek, hujjatda global yadroviy xavfsizlik arxitekturasini mustahkamlash ishida markaziy o‘rin Xalqaro atom energiyasi agentligiga (MAGATE) ajratilishi ta’kidlandi.
Yadroviy xavfsizlik bo‘yicha to‘rtinchi sammit 31-martdan 1-aprelgacha AQSh poytaxti Vashingtonda bo‘lib o‘tdi. Rossiya unda “mavzu bo‘yicha o‘zaro aloqalarning tanqisligi” tufayli qatnashishdan bosh tortdi. O‘z navbatida, AQSh prezidenti Obama The Washington Post gazetasida sammitning birinchi kuni chop etilgan materialda Rossiyani yadroviy qurol miqdorini qisqartirish borasidagi muzokaralarda ishtirok etishga chaqirib, rasmiy Vashington va Moskva butun dunyo yadroviy zaxirasining 90 foiziga egalik qilishini eslatib o‘tdi.
Izoh (0)