AQShning O‘zbekistondagi savdo-sotiq va investitsiyaga qiziqqan 13 ta yirik kompaniyasidan 30 dan ortiq vakil o‘tgan hafta O‘zbekiston hukumati bilan munozara hamda ishbilarmon doiralar, jumladan, qator mahalliy kompaniyalar va O‘zbekistondagi Amerika savdo palatasi a’zolari bilan uchrashuvlarda qatnashish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar beradi.
24-mart kuni, elchi Pamela Spratlen AQSh—O‘zbekiston hukumat-biznes davra stolining ko‘p sonli ishtirokchilari huzurida nutq so‘zladi. Amerika kompaniyalari tashrifi Amerika savdo palatasi, O‘zbekiston hukumati, AQSh elchixonasi, AQSh tijorat departamenti, Amerika—O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etildi.
Davra suhbatidan ikki kun avval Tijorat departamenti yettita kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyani biznes muhiti haqida tadqiqot olib borish uchun O‘zbekistonga olib keldi. Davra suhbatining alohida diqqat markazida turgan farmatsevtika va sog‘liqni saqlash tizimi texnologiyasi sohalarida Amerika firmalari bilan amalga oshirish mumkin bo‘lgan hamkorlikka qaratilgan alohida sektorga taalluqli ma’lumotlar taqdim etildi.
Ko‘pgina mehmonlar davra suhbatidan avval ham O‘zbekiston vazirliklari va davlat kompaniyalari vakillari bilan yakkama-yakka uchrashuvlar o‘tkazdi. Qatnashchilar ushbu davra suhbati va boshqa tadbirlar ularga hukumat va biznes vakillari bilan o‘zaro rishtalarni bog‘lashi uchun O‘zbekistondagi biznes muhiti to‘g‘risida muhim tushuncha va qimmatli imkoniyatlarni taqdim etganini ta’kidladi. Ayrim kompaniyalar esa hafta davomida tashkillashtirilgan tadbirlardagi ishtiroki natijasida aniq savdo yoki sarmoyaviy shartnomalar tuzishdan umidvor ekanini bildirdi.
Izoh (0)