“Valensiya” bosh murabbiyi Gari Nevill o‘z lavozimini tark etdi, deb yozadi “Sports.ru”. Angliyalik mutaxassis 2015-yilning dekabr oyida jamoani qabul qilib olgandi.
Gari Nevill boshqaruvida “Valensiya” La Liga doirasida ketma-ket 10 ta uchrashuvda ochko yo‘qotdi. Bundan tashqari, Ispaniya Kubogining yarim finalida “Barselona”ga 0:7 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shuningdek, Yevropa Ligasidan ham chiqib ketdi.
Gari Nevill boshqaruvidagi to‘rt oy davomida “Valensiya” o‘zi ishtirok etgan barcha turnirlardagi 10 ta o‘yinda g‘alaba qozondi. 7 ta bellashuv durang bilan yakuniga yetgan bo‘lsa, 11 tasida imkoniyat boy berildi.
“Sports.ru”ning yozishicha, Nevill murabbiylik faoliyatini yakunlamaydi va yangi jamoa izlashda davom etadi. “Chempionat”ning xabar berishicha, Gari Nevillning ukasi Fil Nevill “Valensiya”da yordamchi murabbiy bo‘lib qolaveradi.
Kichik Nevill avvaliga Nunu Eshpiritu Santuga, keyin akasi — Gari Nevillga ko‘maklashdi. Endi “Valensiya”ga vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlangan Pako Ayestaran bilan ishlaydi.
Gari Nevill butun futbolchilik faoliyatini bir klubda — Angliyaning “Manchester Yunayted” jamoasida o‘tkazgan. Futbolchilikni yakunlaganidan so‘ng televideniyeda ekspert bo‘lib ishlagan Gari ayni vaqtda Angliya milliy terma jamoasida bosh murabbiy Roy Xojsonga yordam beradi.
Izoh (0)