Qirg‘izistonning murojaati asosida BAAning Dubay shahrida respublika birinchi prezidenti — Asqar Aqayevning kuyovi Odil Toyg‘onbayev qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston IIV xabariga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, uni hibsga olishda Interpol va BAA huquq-tartibot organlari bilan yaqindan hamkorlik qilingan.
Toyg‘onbayev 2005-yilda bir qancha qonunbuzilishlarda, jumladan, iqtisodiy jinoyatlarda va qator korxonalarni noqonuniy o‘zlashtirib olishda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan edi. U Interpolning “qizil sirkulyar”iga kiritilgan, deyiladi xabarnomada. Odil Toyg‘onbayev Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgani bois Bishkek bir necha bora uni topshirishni so‘rab Ostonaga murojaat qilgan, ammo har safar rad javobini olgan edi.
Izoh (0)