Bugun, 19-mart kuni FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 layneri Rossiyaning Rostov-Don shahri aeroportiga qo‘nish vaqtida halokatga uchradi. “Rostov” futbol klubi aviahalokat natijasida halok bo‘lganlarning yaqinlari va oilalariga hamdardlik bildirdi, deb xabar beradi “TASS”.
“Klub halok bo‘lganlarning yaqinlari va oilalariga hamdardlik bildiradi”, – deydi “Rostov” vitse-prezidenti Aleksandr Shikunov.
“Rostov” jamoasi 18-mart, juma kuni Rossiya chempionati 21-turida safarda Permning “Amkar” klubiga qarshi (0:0) o‘yin o‘tkazdi. Jamoa vitse-prezidenti klub a’zolari Rostov-Donga eson-omon yetib kelganini ma’lum qildi.
“Klub a’zolarining bir qismi Perm shahridan to‘g‘ri terma jamoaga yo‘l oldi. Qolganlar esa kechaning o‘zida parvoz qilib, Rostov-Donga eson-omon qo‘ndi. Klub a’zolarining barchasi yaxshi ahvolda”, – deya qo‘shimcha qildi Aleksandr Shikunov.
Eslatib o‘tamiz, 19-mart, shanba kuni FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 layneri Rossiyaning Rostov-Don shahri aeroportiga qo‘nish vaqtida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida samolyot bortidagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan.
Izoh (0)