Yaponiyaning Sony korporatsiyasi qo‘shiqchi Maykl Jeksonning vorislari bilan dunyodagi eng yirik musiqiy nashriyot Sony/ATV Music Publishing’dagi 50 foiz ulushini 750 million dollarga sotib olish to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.
Shu tariqa, Sony minglab musiqiy kompozitsiya, jumladan, The Beatles guruhining qo‘shiqlari huquqiga egalik qiluvchi nashriyotning yagona sohibiga aylanadi.
Dastlab musiqiy katalog 1985-yilda Maykl Jekson tomonidan xarid qilingan edi. O‘n yildan so‘ng u Sony bilan katalogni korporatsiyaning nashriyot biznesi bilan qo‘shish haqida kelishgan edi. Natijada Sony/ATV Music Publishing kompaniyasi tashkil topgan edi.
Shartnoma Maykl Jekson uchun juda foydali bo‘lgan. U katalog uchun 1985-yilda 47,5 million dollar to‘lagan bo‘lsa, uni yangi kompaniya boshqaruviga 115 million dollarga topshirgan. Qolaversa, yangi kompaniya ulushining 50 foizi unga tegishli ekanligi belgilangan.
Izoh (0)