Ertaga, 16-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasi 3-turida Qatarning “Al-Jaish” jamoasi Qarshining “Nasaf” klubiga qarshi bahs olib boradi. Bo‘lajak o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Al-Jaish” bosh murabbiyi Sabri Lyamushi ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Nasaf” matbuot xizmati.
- Ertaga O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi bilan kuch sinashamiz. “Nasaf”da jamoaviy o‘yin shakllangan. Bo‘lajak bahsda bizga qiyin bo‘ladi, chunki “Nasaf” kuchli jamoa. Ular 2-turda “Al-Ahli”ga qarshi bahsda haqiqiy kuchlarini namoyish etib, g‘alaba qozondi. Ikki yil oldingi tarkib bilan solishtirganda, har ikkala jamoaning asosiy tarkibida ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Tarkibimizda yo‘qotishlar yo‘q. OChLda endigina ikkita tur uchrashuvi o‘tkazildi. Keyingi bosqich haqida o‘ylashga hali erta. Hamma jamoaning imkoniyatini bir xilda baholayman, — deydi Sabri Lyamushi.
“Al-Jaish” — “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuv 16-mart, chorshanba kuni Dohadagi “Abdulloh bin Nosir bin Xalifa” stadionida, Toshkent vaqti bilan 20:45 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, “Al-Jaish” jamoasi OChL 2-turidan so‘ng “D” guruhida 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Nasaf” 3 ochko bilan ikkinchi pog‘onani band qilib turibdi.
Izoh (0)