Chililik biologlar va genetiklar jamoasi noodatiy transgen jo‘jani yetishtirdi. Uning oyoqlari tuzilishi bo‘yicha dinozavrning orqa oyoqlarini eslatadi. Bu haqda Evolution jurnali ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar beradi.
2009-yilda mashhur paleontolog Jek Xorner dinozavrlarni “qayta tiriltirish” niyati haqida ma’lum qilgandan so‘ng, o‘nlab genetiklar va biologlar jamoasi qadimgi yashcherlar anatomiyasining turli qismlari — ularning dumi, jag‘i va tanasining boshqa qismlarini qayta yaratish uchun musobaqalashib kelmoqda. Hech bir tajriba o‘zining mantiqiy yakuniga yetkazilmagan edi.
Santyagodagi Chili universitetidan Joao Botelyo va uning hamkasblari ushbu genetik jumboqning navbatdagi parchasini namoyish etdi. Qush oyoqlari o‘sishini boshqaruvchi genlar faoliyatini modifikatsiya qilish orqali olimlar ularning dinozavr oyoqlariga o‘xshash bo‘lib o‘sishiga erishdi.
Izoh (0)