Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 6-martga o‘tar kechasi superog‘ir vazn toifasida Jahon boks assotsiatsiyasining (WBA) muntazam chempionlik maqomi uchun o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev va avstraliyalik Lukas Braun o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
“‘Kolizey’ sport saroyida Ruslan Chagayev va Lukas Braun o‘rtasidagi jang yakunlandi. Barcha raundlar davomida ustunlik Ruslan tarafida edi. Ammo o‘ninchi raundda Ruslan qabul qilib olgan bir necha zarbadan so‘ng referi jangni to‘xtatdi, vaholanki Ruslan uni davom ettirishga tayyor edi. Shu tariqa, superog‘ir vazn toifasida WBA muntazam chempionlik kamari Braunga nasib qildi. Shunga qaramay, zal Ruslanni olqishladi. U buyuk bokschi va hurmatga loyiqdir”, — deb yozdi Qodirov Instagram’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Grozniyda o‘tgan jangda Chagayev mag‘lubiyatga uchrab, chempionlik kamarini boy berdi. Jang Chagayevning ustunligida o‘tdi va 6-raundda u Braunni nokdaunga uchratib, muddatidan avval jangni yakunlashi mumkin edi. Biroq, avstraliyalik bokschi jangni davom ettira oldi.
10-raundga kelib avstraliyalik bokschi Chagayevga bir nechta aniq zarbalar yo‘lladi. Uchrashuv referisi jangni to‘xtatib, texnik nokaut qayd etdi va o‘zbekistonlik bokschi chempionlik kamaridan mahrum bo‘ldi.
Izoh (0)