Apple korporatsiyasini AQSh rasmiylari bilan sudlashuvda 20 ga yaqin texnologik kompaniya qo‘llab-quvvatladi. “TASS” agentligining ma’lum qilishicha, bu kompaniyalar orasida Twitter, eBay va AT&T bor, Microsoft, Google va Facebook esa yaqin kunlarda Apple’ga xayrixohlik bildiradi.
Kompaniyalar sudga Apple foydasiga dalillar va fikrlar keltirilgan “do‘stona argumentatsiya” yo‘llagan yoki shunga hozirlik ko‘rmoqda. Bu hujjat sudda ishtirok etmayotgan tarafning munosabatini aks ettiruvchi maxsus shakl hisoblanadi.
Ayni paytda Apple tarafini yoqlayotgan kompaniyalar qatoriga LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i, Airbnb onlayn e’lonlar maydoni qo‘shildi. Yaqin kunlarda ularning ortidan Firefox brauzeri ishlab chiqaruvchisi Mozilla hamda Snapchat va WhatsApp messenjerlariga egalik qiluvchi kompaniyalar ergashadi.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni AQSh sudi Apple korporatsiyasi Federal qidiruv byurosi xodimlariga “San-Bernardino mergani”ning telefonini buzib, undagi ma’lumotlarni olishda yordam berishi lozimligi haqida qaror qabul qildi.
Sud qaroriga muvofiq, korporatsiya shu paytga qadar terrorchilardan biri Said Faruqning mobil uskunasi ma’lumotlariga buzib kira olmayotgan FQB xodimlariga maxsus dasturiy ta’minot taqdim etishi talab qilinadi. Korporatsiya rahbari Tim Kuk bunga javoban sud qaroriga rasmiy e’tiroz bildirilishini ta’kidlab o‘tgan edi.
Izoh (0)