Damashq Suriyada tinchlik o‘rnatilishi masalasida Moskva tutgan yo‘lni ma’qullaydi. Bu haqda Suriyaning Rossiyadagi elchisi Riyod Haddod ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Vedomosti”.
“Damashq Suriyada sulh tuzilishi yuzasidan Moskvani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Rossiya va AQShning o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuvi bajarilishiga umid qilamiz”, — deya ta’kidlagan elchi.
24-fevral, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda muxolifat vakillaridan shakllantirilgan Muzokaralar bo‘yicha oliy qo‘mita Suriyadagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’qullashi ma’lum qilindi. Shu kunning o‘zida suriyalik kurdlarning o‘z-o‘zini himoya qilish xalq otryadlari jangovar harakatlarni to‘xtatishga rozilik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bashar Asad bilan Suriyada jangovar harakatlarni to‘xtatish masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.