O‘zbekistonda Ukrainadan kelayotgan tovarlardan import to‘lovi undirish bekor qilindi. “Gazeta.uz” saytining Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga tayanib yozishicha, tegishli qaror 18-fevral kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan e’lon qilindi.
Barcha davlatlardan olib kirilayotgan tovarlardan 5-10 foizlik import to‘lovi Ukrainada 2015-yilning 26-fevralidan 12 oy muddatga kuchga kirgan edi. Ammo 2015-yilning 24-dekabr kuni Ukrainada “Tashqi iqtisodiy faoliyatni jonlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2016-yilning 1-yanvaridan e’tiboran tovarlardan qo‘shimcha import to‘lovi undirilishining to‘xtatilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida hamda Ukraina tomonidan xalqaro kelishuvlarda ko‘zda tutilgan majburiyatlarning bajarilmayotgani tufayli 20-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi “Ukrainada ishlab chiqarilgan import tovarlarga nisbatan javob choralarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgandi. Bu hujjatda 1-iyuldan boshlab 12 oy muddatga Ukrainadan kelayotgan tovarlarni qo‘shimcha import yig‘imiga tortish ko‘zda tutilgandi.
Ukrainada “Tashqi iqtisodiy faoliyatni jonlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirishi tufayli Vazirlar Mahkamasining 18-fevraldagi qarori bilan ushbu choralar muddatidan ilgari bekor qilindi.
Izoh (0)