18-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari uchun AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Toshkentdagi Inha universiteti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Alisher Fayzullayev, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) rektori O‘tkir Hamdamov va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori (IUT) Sherzod Shermatovlar ishtirok etdi.
IUT rektori Sherzod Shermatov taqdimoti davomida universitet va kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib, universitet qoshidagi Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyalari markazi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyalari markazi universitetning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini oshirish, ilmiy ishlanmalarning hayotga tatbiq etilishi yuzasidan hamkorlik qilish maqsadida tashkil qilingan.
Shu bilan birga markaz universitet talabalarini dasturiy mahsulotlar yaratishga jalb qilish, ilg‘or g‘oyalarni ichki va xalqaro bozorga olib chiqishni rag‘batlantirish orqali ularning ilmiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishlariga ko‘maklashadi, dedi rektor.
Markaz mahalliy va xalqaro kompaniya, tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, AKT sohasida muhim loyihalarni amalga oshiradi. Muhim jihati shundaki, bu loyihalarni ishlab chiqishga Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari jalb qilinadi. Bu esa hamkor tashkilotlarga o‘zlari uchun kerak bo‘lgan tayyor dasturiy mahsulotlarni olish imkonini bersa, talabalar uchun katta tajriba maktabidir. Natijada, loyihadan har ikki tomon manfaatdor bo‘ladi, dedi Sherzod Shermatov.
Tadbir davomida IUT rektori Sherzod Shermatov universitet talabalari tomonidan yaratilgan bir qator mahsulotlarni ham ishtirokchilarga taqdim etdi.
Izoh (0)