“Kinorama.uz” nashri Alisher Navoiy nomli kinosaroy direktori o‘rinbosari Husniddin Ergashev bilan suhbat o‘tkazdi va undan “Baron” filmining qo‘lga chiqib ketishida kinosaroyning ham ishtiroki bor degan gumonlarga aniqlik kiritishini so‘radi.
“Nafaqat ‘Baron’ filmi, balki boshqa filmlarning ‘pirat’ disklari biz orqali chiqib ketmasligi ehtiyot choralari 100 foiz ko‘rib qo‘yilgan. Bundan tashqari kino ijodkorlari tomonidan olib kelingan disklardan nusxa olib, ko‘chirib bo‘lmaydi (texnik tilda aytganda ‘kodlangan’)”, — dedi Ergashev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, har kuni film namoyishi bo‘lganidan keyin, film ijodkorlari kinosini o‘zlari bilan birga olib ketadi. Yana sakkiz nafar navbatchi xodim doim zallarda ham aylanib yurib, tomoshabinlarni nazorat qiladi.
“‘Baron’ bizdan, kinosaroydan tarqalgani haqidagi gaplar asossiz va uydirma gaplardan boshqa narsa emas”, — deya ta’kidladi kinosaroy direktori o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rejissor Rustam Sa’diyevning “Baron” filmi premyerasidan bir hafta o‘tib, uning sifatli nusxasi, “videoqaroqchilar”ning xatti-harakatlari sabab, qo‘l telefonlari va disklar orqali tarqalishga ulgurgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)