GM Uzbekistan kompaniyasi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining rasmiy sahifasini ochdi. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi axborot xizmati tarmoqdagi GM Uzbekistan sahifasi haqiqatan ham kompaniyaga tegishli ekanligini “Daryo”ga tasdiqladi.
Ushbu xabar yozilayotgan vaqtda GM Uzbekistan’ning Facebook’dagi sahifasiga 300 ga yaqin foydalanuvchi obuna bo‘lgandi. Unda kompaniya faoliyatiga doir yangiliklar, foto- va videofayllar bilan tanishish, fikr-mulohazalar qoldirish mumkin.
“Kompaniyamiz hayotida faol ishtirok etishga, fikr va mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashishga chaqiramiz”, — deyiladi GM Uzbekistan’ning sahifasidagi birinchi, xaridorlarga qaratilgan xabarda.
Qayd etilishicha, kompaniya o‘z faoliyatini mijozlar xohish-istaklariga mos ravishda olib borish, ularning ko‘magi bilan yanada yuqoriroq marralarga erishish maqsadida Facebook’da sahifa ochgan.
Izoh (0)