“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) beruvchi tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorovning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, Tamila taxallusi ostida ijod qilib kelgan Esmeralda Rahmatovaning yana litsenziya olishi “juda qiyin masala”.
“Tamilaning litsenziyasi kun kelib qaytarilishi mumkinmi-yo‘qmi, bu haqda bir nima deya olmayman. Juda qiyin masala, buni vaqt ko‘rsatadi. Agar shu tarbiyada bo‘lsa, Tamilaning litsenziyasi umuman qaytarilmaydi”, — dedi “O‘zbeknavo” boshqarma boshlig‘i.
Tamila yana qo‘shiq aytishni xohlasa, xulq-atvori yaxshi tomonga o‘zgarganini qanday isbotlashi mumkinligi haqidagi savolga, Odiljon Abduqahhorov shunday javob berdi: “Bilmadim, bu haqda hali o‘ylab ham ko‘rilmadi”.
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi 2016-yil 1-fevraldan Tamilaning litsenziyasini tugatdi. Bunga “litsenziya bitimida nazarda tutilgan talab va shartlar muntazam ravishda buzilganligi” sabab qilib ko‘rsatilgan.
Avvalroq, Tamila ishtirokidagi axloqsiz videoyozuv messenjerlarda tarqalib ketgan, shundan so‘ng xonanda Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etish joiz, Tamila 2015-yil iyul oyida litsenziyasidan mahrum etilgan, biroq shu yilning noyabr oyida yangi litsenziya olgandi. Uning bu litsenziyasi amal qilish muddati 2016-yilning avgustida yakuniga yetar edi.
Izoh (0)