“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Tamila taxallusi ostida ijod qilib kelgan Esmeralda Rahmatovaning litsenziyasini 2016-yil 1-fevraldan tugatdi. Bu haqda birlashma matbuot xizmati xabar qildi.
“O‘zbeknavo”ning rasmiy bildirishida qayd etilishicha, Tamilaning litsenziyasi “litsenziya bitimida nazarda tutilgan talab va shartlar muntazam ravishda buzilganligi sababli” tugatilgan.
“O‘zbeknavo” Tamila litsenziya bitimidagi aynan qaysi talab va shartlarni muntazam buzganiga aniqlik kiritmagan. Tamila bilan birga Zamir taxallusi ostida ijod qilib kelgan Asqarjon Malikovning litsenziyasi ham xuddi shu sabab bilan tugatilgan.
Avvalroq Tamilaning axloqsiz harakatlari aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqalib ketgan va bu holat faol bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Shov-shuvlar sabab Tamilaning prodyuseri xonanda bilan shartnomani bekor qildi.
Keyinroq, internet foydalanuvchilarning davomli salbiy fikrlari ta’siri ostida, Tamila Instagram’dagi 100 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib boruvchi sahifasini yopdi, shuningdek, uning Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Qayd etish joiz, Tamila bundan avval litsenziyasidan mahrum qilingan, biroq 2015-yil noyabrida “O‘zbeknavo”dan yangi litsenziya olgandi. Uning mazkur litsenziyasi amal qilish muddati 2016-yil avgust oyida yakuniga yetardi.