Bu yil Uilyam Shekspir hayotdan ko‘z yumganligining 400 yilligi munosabati bilan “Shekspir barhayot” kampaniyasi start oldi. Bu haqda Britaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Shekspirning merosi o‘xshashi yo‘q hisoblanadi. Uning ishlari 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan bo‘lib, dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida maktab o‘quvchilari tomonidan o‘rganiladi. Uning zamondoshlaridan biri Ben Jonson shunday degan edi: “Shekspir bir davrga tegishli emas, u barcha zamonlarga mansubdir”.
Shekspir zamonaviy ingliz tilining shakllanishida asosiy rol o‘ynagan. Uch mingta yangi so‘z va ibora Shekspir pyesalarida bosma shaklda aks etgan.
Buyuk Britaniya 5-yanvar kunidan boshlab butun 2016-yil davomida Uilyam Shekspir hayoti va merosini nishonlashga qo‘shilishni taklif etadi. “Shekspir barhayot” dasturi – uning ijodi bilim olish va savodni oshirishga imkon berishini ta’kidlashga yo‘naltirilgan bir qator tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Bu kampaniya Britaniya kengashi va Great Britain kompaniyasi tomonidan olib boriladi. Bu dastur doirasida ijtimoiy tarmoqlarda Shekspir ijodidan sevimli iboralar bilan bo‘lishishingiz, teatr sahnalarida avval sahnalashtirilmagan pyesalarni tomosha qilishingiz, shuningdek, ko‘rgazmalar, seminar va debatlarda ishtirok etishingiz mumkin.
Izoh (0)