AQShning Nyu-Jersi shtatida besh nafar boshlang‘ich maktab o‘quvchisi maktabni portlatishga harakat qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda ABC telekanali bergan ma’lumotlarga asosan “RIA Novosti” xabar bermoqda.
10—11 yoshli ushbu to‘rt nafar o‘g‘il va bir qiz Klifton shahridagi maktablarning birida beshinchi sinfda tahsil olib kelmoqda.
Politsiya ma‘lumotiga ko‘ra, bolalar portlovchi qurilmani 2-dekabr, chorshanba kuni maktabda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda portlatishni rejalashtirgan. O‘qituvchilar va maktab ma’muriyati amalga oshirilishi niyat qilinayotgan hujumning yozma rejasini topib olib, huquq-tartibot idoralariga xabar bergan.
Politsiya tarkibida hech qanday portlovchi modda bo‘lmagan “bomba”ni topib oldi. Uning o‘rniga qurilma sirka va dolchin bilan to‘ldirilgan bo‘lib, hech qanday portlash xavfi bo‘lmagan. “Dahshatli qurilma”ning g‘ayrioddiy tarkibga ega bo‘lishiga qaramasdan, politsiya sodir bo‘lgan hodisaga bolalarning oddiy sho‘xligidan ko‘ra jiddiyroq masala deb baho bermoqda.
Fitna ishtirokchilari qo‘lga olinib, ota-onasiga topshirilgan. Bolalarning beshovi ham maktab mashg‘ulotlaridan chetlatildi. Bolalarga yoki ularning voyaga yetgan qarindoshlariga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yilmadi.
Izoh (0)