Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Yamanga qarshi JCh—2018 saralash uchrashuvida haqli ravishda g‘alaba qozondi. Bu fikrni o‘yindan so‘ng Yaman termasi bosh murabbiyi Amin as-Sunayniy bildirib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
JCh—2018 saralash “H” guruhi 8-tur uchrashuvlari doirasida 17-noyabr, seshanba kuni Qatar poytaxti Dohada Yaman mehmoni bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘zbekistonga g‘alaba keltirgan gollarga Aziz Haydarov, Server Jeparov va Stanislav Andreyev mualliflik qildi.
“Biz o‘yin qiyin kechishini kutgandik. Jamoamiz safida ayrim futbolchilar o‘ynay olmaganidan aziyat chekdik. Ularning ba’zilari jarohati borligi uchun, qolganlari diskvalifikatsiya sabab o‘yinda ishtirok eta olmadi. Ammo buni asosiy sabab deb bo‘lmaydi. O‘zbekiston terma jamoasi g‘alabani haqli ravishda qo‘lga kiritdi”, — dedi yamanliklar ustozi.
“Erta urilgan birinchi gol o‘yinga ta’sir o‘tkazdi. Bizda ham gol kiritish uchun bir necha yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, biroq omadimiz bir marta keldi. Ikkinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadik. Ammo tarkibdagi yo‘qotishlar o‘rnini zarur darajada to‘ldira olmaganimiz sezilib qoldi”, — deya qo‘shimcha qildi Amin as-Sunayniy.
Izoh (0)