Chili sohillarida ketma-ket ikkinchi marta magnitudasi 6,9 ga teng bo‘lgan kuchli zilzila yuz berdi. Bu haqda, AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Zilzila mahalliy vaqt bilan 10-noyabr, seshanba kuni soat 23:46 da (Toshkent vaqti bilan 11-noyabr, chorshanba kuni soat 7:46 da) yuz bergan. Yerosti silkinishlari epitsentri Kokimbo shahridagi 98 kilometr shimoli-g‘arbda, mamlakat poytaxti Santyagodan esa 467 kilometr uzoqlikda, o‘chog‘i esa 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgan.
Bundan taxminan bir soat avval — mahalliy vaqt bilan 10-noyabr, soat 22:54 da ham 6,9 magnitudali zilzila yuz bergandi. Uning markazi Kokimbodan 93 kilometr, poytaxt Santyagodan 466 kilometr uzoqlikda, o‘chog‘i esa, ikkinchi zilzila kabi, 10 kilometr chuqurlikda edi.
Zilzila oqibatida yuz bergan ehtimoliy vayronagarchilik va qurbonlar haqida hozircha axborot mavjud emas. Sunami xavfi e’lon qilingani yo‘q.
Chili seysmik jihatdan yuqori darajada faol hududda joylashgan. 2010-yil fevral oyi oxirida Janubiy Amerikadagi mazkur mamlakatda yuz bergan 8,8 magnitudali zilzila va undan so‘ng ko‘tarilgan sunami oqibatida 500 dan ortiq odam halok bo‘lgandi.
Izoh (0)