79 yoshli britaniyalik aktyor Brayan Blessid The Telegraph nashriga 12 yoshida dunyoga mashhur rassom Pablo Pikasso bilan uchrashgani haqida gapirib berdi, deb yozadi TJournal. Uchrashuv 1950-yilda Britaniyaning Sheffild shahridagi Butunjahon tinchlik kongressida bo‘lib o‘tgan.

Pikassoning “Tinchlik kabutari”. Foto: TJournal

Pikassoning “Tinchlik kabutari”. Foto: TJournal

Yosh Blessid rassomga yaqin kelib, agar u “haqiqatan Pikasso bo‘lsa”, biron narsa chizib berishini so‘raydi. Ispaniyalik bir parcha qog‘ozga tinchlik kabutari tasvirini tushiradi, biroq yigitcha rasmni pisand qilmay shunday deydi: “Bu sizning Pikasso emasligingizni ko‘rsatadi, bu kabutar emas”.

Bo‘lajak aktyor rasm tushirilgan qog‘ozni yerga tashlab yuboradi. Keyinroq uni topib olishadi, u ayni paytda Sheffilddagi galereyada Butunjahon tinchlik kongressi ramzi sifatida saqlanmoqda. Ushbu voqeani Blessid “shafqatsiz moliyaviy dars” deb atadi. Aktyorning ta’kidlashicha, u o‘sha paytda “qariyb 50 million funtni havoga sovurgan” (taxminan 75 million dollar).