Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 2016-yili bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik sportchilar soni yana bittaga ko‘paydi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan Jahon Gran-Prisining navbatdagi bosqichida o‘zbekistonlik Ra’noxon Amanova 200 metr masofaga kompleks usulda suzish bo‘yicha musobaqada 2:13,08 soniya natija qayd etib, Rio—2016 litsenziyasini qo‘lga kiritdi.
MOQ matbuot xizmatining qayd etishicha, Jahon Gran-Prisida qatnashayotgan yana bir o‘zbekistonlik — Vladislav Mustafin 3-noyabr, seshanba kuni 100 metr masofaga brass usulda suzish musobaqasida startga chiqadi.
Ma’lumot uchun, Jahon Gran-Prisining navbatdagi bosqichi 6—7-noyabr kunlari BAAning Dubay shahrida o‘tkaziladi. O‘zbekiston suzish federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, Doha va Dubay Gran-Prilariga jami 9 nafar o‘zbekistonlik sportchi yo‘l olgan.
Qayd etish joiz, Ra’noxon Amanova 2012-yili London shahrida bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham O‘zbekiston sharafini himoya qilgan.
Izoh (0)