Fransiyada avtobus va yuk mashinasining to‘qnashib ketishi natijasida 42 kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi “Vedomosti”.
YTH 23-oktabr, juma tongida, 7:30 da mamlakat janubi-g‘arbidagi Liburn shahrining chekka qismida sodir bo‘ldi. Avtobus va yuk mashinasi old qismi bilan to‘qnashib ketdi va yonib ketdi.
Yuk mashinasining haydovchisi va avtobusning 41 nafar yo‘lovchisi halok bo‘ldi. Avtobusning yonayotgan salonidan sakkiz kishi chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.
Sud Ouest nashrining ma’lum qilishicha, bu ekskursiya avtobusi bo‘lib, unda nafaqadagi kishilar bo‘lgan. Hodisa vaqtida avtobus salonida 48 yo‘lovchi bo‘lganligi aytilmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, bu 1982-yildan buyon Fransiyadagi eng yirik yo‘l-transport hodisasidir. 1982-yilning 31-iyulida Burgundiyada yuz bergan avtobus halokati oqibatida 53 kishi halok bo‘lgan edi.
Hozirda Gretsiyada bo‘lgan prezident Fransua Olland “bu dahshatli fojia”dan so‘ng hukumat barcha zarur harakatlarni amalga oshirishini ma’lum qildi.
Izoh (0)