Vazirlar Mahkamasining 19-oktabrdagi majlisida 2015-yilning eng muhim obyektlarini ishga tushirishni ta’minlash, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash bo‘yicha 2016—2019-yillarda nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshlashni jadallashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalari chuqur va batafsil tahlil qilindi, deb xabar beradi O‘zA.
Faol investitsiya siyosati olib borilishi va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, zamonaviy infratuzilmani barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 9,9 foizga, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 7,4 foizga o‘sishini ta’minlaganligi qayd etildi.
3 440 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi, yuqori texnologik va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha 76 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlari bo‘yicha 1,0 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.
Vazirlar Mahkamasi komplekslari, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi rahbarlariga joriy yilning sentabr oyida tashkil etilgan Yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspert baholash agentligining ishini jadal tashkil etish va uning bundan buyon samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Izoh (0)