Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ma’lum qilishicha, ichida Qur’ondan keltirilgan iqtiboslar bo‘lgan kitobni ekstremistik deb tan olgan Yujno-Saxalinsk shahri sudi sudyasi Natalya Perchenko o‘z qarori uchun nafaqat musulmonlardan, balki boshqa din vakillaridan ham uzr so‘rashi kerak. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Sen tezda kechirim so‘ra. Bunday qaror qabul qilishga haqing yo‘q, bu Parvardigorning kitobi, seniki ham, meniki ham emas. Odamlardan, taqvodorlardan kechirim so‘ra. Nafaqat musulmonlar, balki nasroniylar ham, boshqalar ham bundan g‘azabda. Bizni hamma qo‘llab-quvvatlamoqda, sening qaroringdan hamma g‘azabda”, — dedi Qodirov 2-oktabr kuni “RSN”ga bergan intervyusida.
Checheniston rahbarining qayd etishicha, u avvalroq sudyaning sha’niga aytgan gaplarini qaytarib olmoqchi emas. Eslatib o‘tamiz, Ramzan Qodirov avvalroq Instagram’dagi sahifasida Perchenko va Yujno-Saxalinsk prokurori Tatyana Bilobrovetsni “milliy sotqinlar” va “shaytonlar” deb atagan edi.
“Agar u 1,5 milliard musulmonni haqorat qilgan, ularni ekstremist deb atagan bo‘lsa, u holda biz uni nima deb atashimiz kerak? Inson, ayol, ona, opa, singil, turmush o‘rtoq, qiz sifatida uning bunday qaror qabul qilishga haqi yo‘q edi”, — deb hisoblaydi Checheniston rahbari.
Bundan tashqari, Ramzan Qodirov Rossiyada “Injil, Qur’on va Tavrotga teginish taqiqlaydigan” federal qonun qabul qilinishiga ishonch bildirdi.
Izoh (0)