Samarqand va toshkentlik baykerlar jamoasi Samarqanddagi 1-Mehribonlik uyiga o‘z mototsikllarida, turli sovg‘alar va bayram dasturlari bilan tashrif buyurdi. Bu haqda “Kun.uz” xabar beradi.
“Mehribonlik uylariga tashrif buyurish biz uchun an’ana bo‘lib qolgan. Oldin ham biz bu Mehribonlik uyiga tashrif buyurgan edik. O‘shanda bu yer 6-Mehribonlik uyi edi. Hozirda bu maskan yangi binoga ko‘chgan va biz bu yerga ilk marta tashrif buyurayapmiz” – dedi “Po‘lat chayonlar” o‘zbek baykerlari klubi prezidenti Mixail Fedoraxin (Toshkent shahri).
Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyida bugungi kunda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 130 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Xayriya tadbirining hamtashkilotchisi Igor Zavyalovning so‘zlariga qaraganda, bu tadbirda 25 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Ularning aksariyatini bayker klubi a’zolari tashkil etgan. 17 nafar kishi tadbirga o‘z mototsikllari bilan tashrif buyurgan.
O‘zbekistonda motosayyohlar va baykerlarning bu kabi tashabbuslarini “Odamlar yoqimtoyi” loyihasi muallifi Aziz Niyozov qo‘llab-quvvatlab keladi. Ushbu loyiha ishtirokchilari bolalarga turli konsertlar qo‘ydi va har xil ko‘ngilochar bolalar o‘yinlarida qatnashdi.
Izoh (0)