10 dollarlik kupyurada Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher portreti paydo bo‘lishi kerak. Bunday fikrni Jeb Bush Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga da’vogarlar orasida bo‘lgan debat chog‘ida bildirdi, deb yozadi The Guardian.
Bushning aniqlik kiritishicha, Tetcher prezident Ronald Reyganning eng sodiq tarafdorlaridan biri bo‘lgan. Arkanzas sobiq gubernatori Mayk Xakabi o‘n dollarlik pulda o‘z rafiqasining, neyrojarroh Ben Karson — onasining, milliarder Donald Tramp esa qizi Ivankaning rasmi bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida AQSh moliya vazirligi AQSh tarixida birinchi marta 10 dollarlik kupyuraga ayol kishining portreti tushirilishini e’lon qilgan edi. Yangi kupyura 2020-yilda muomalaga kiritiladi. Uning ko‘rinishi esa AQSh moliya vaziri Jeykob Lyu aytishicha, “Amerika demokratiyasi qadriyatlarini namoyish etadi”. U banknotani aynan kimning rasmi bezab turishiga aniqlik kiritmadi. Bunga jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qaror qilinadi. Takliflar yoz bo‘yi yig‘ilib, natijalar yilning ikkinchi yarmida ma’lum qilinadi.
Izoh (0)