Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi yakuniga yetib boryapti, deb xabar berdi “Olamsport”.
Dunyoning kuchli jamoalari qatorida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ham ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etyapti. Mamatqul Haylayev murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 7-turda peshqadam eronlik shaxmatchilar bilan dona surdi.
Shu turgacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan O‘zbekiston terma jamoasi kuchli raqibga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shamsiddin Vohidov, Ortiq Nig‘matov va Nodirbek Yoqubboyev kuchli raqiblari bilan durang o‘ynadi. Ammo so‘nggi bahsda Bahora Abdusattorova reytingda o‘zidan ancha yuqori turgan Arash Tahbazga yutqazib qo‘ydi.
Peshqadamlardan biri Vengriya terma jamoasi bu turda Rossiya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Bugun O‘zbekiston terma jamoasi 8-turda Kanada terma jamoasi shaxmatchilari bilan bahs olib borishadi. Hozircha O‘zbekiston terma jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra turnir jadvalida 12-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)