O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda 578 ming nafar nogiron, 17,3 ming nafar yolg‘iz keksa hamda 3 millionga yaqin pensioner istiqomat qilib, ular o‘zlarining kundalik turmushlarida u yoki bu ko‘rinishdagi reabilitatsiya texnik vositalariga yoki yordamchi vositalarga ehtiyoj sezadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasining 2014-yil 15-dekabrdagi 1-sonli majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida mahalliy korxonalar negizida ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan reabilitatsiyaning texnik va yordamchi vositalari, sanitariya-gigiyena jihozlari xarid qilingan bo‘lib, bugun ushbu vosita va jihozlarni ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmadan asosiy maqsad mahalliy korxonalar negizida zamonaviy reabilitatsiya texnik va yordamchi vositalari, sanitariya-gigiyena jihozlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy korxonalar o‘rtasida tajriba almashish orqali nogironlarni ehtiyojlarini qondirish hamda jamiyatga intergatsiya qilishdan iboratdir.
2012-yildan bugungi kunga qadar 8770 nafar fuqaro nogironlar aravachasi bilan, 3423 nafari eshitish moslamasi bilan, 4676 nafari qo‘ltiqtayoq bilan hamda 6754 nafari hassa bilan ta’minlandi. O‘tgan davr mobaynida davlat budjetidan ushbu vositalarga 4,7 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturiga muvofiq, ushbu vositalarga ajratilayotgan budjet mablag‘larini 2 barobar oshirish hamda reabilitatsiya texnik vositalarini bepul ajratish uchun asos bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatini kengaytirish yuzasidan amaliy choralar olib borilmoqda.
Vazirlik nogironlarga davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarni sifati va samarasini oshirish yuzasidan donor va xalqaro tashkilotlar bilan ham qator loyihalar amalga oshirmoqda.
- 2014-yilning oktabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan “O‘zbekistonda yakka yolg‘izlar va nogironlarga professional ijtimoiy xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida”gi loyiha imzolanib, uning doirasida nogironlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish, davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu ko‘rgazma ham mazkur loyiha doirasida amalga oshirilmoqda;
- Jahon banki bilan hamkorlikda ijtimoiy muhofaza tizimiga yangi va zamonaviy axborat texnologiyalarini joriy etish loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda;
- Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda (“Muruvvat”, “Saxovat” uylari) faoliyat yuritayotgan xodimlarni Koreya Respublikasida malakasini oshirish ishlarini tashkil etish yuzasidan tashkiliy tadbirlar belgilandi. Jumladan, 2014-yilning noyabr-dekabr oylarida 14 nafar “Muruvvat” uylari xodimlari uchun Koreya Respublikasida 15 kunlik malaka oshirish kurslari tashkil etildi.O‘zaro kelishuvga asosan bu ishlar 2015-yilda ham davom ettirilmoqda;
- Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi JICA bilan hamkorlikda nogironlarni jismoniy reabilitatsiyasini zamonaviy va samarali usullarini joriy etish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Bu borada hozirgi kunda vazirlik tizimidagi Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida yaponiyalik ko‘ngilli o‘z faoliyatini boshladi.
Izoh (0)