Qariyalar, nogiron kishilar, urush va mehnat faxriylari uchun mo‘ljallangan “Kosonsoy” sanatoriysi Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “1941−1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining ijrosi yuzasidan 2015-yilning mart oyidan buyon bu yerga dam olish va sog‘lig‘ini yaxshilash uchun 541 nafar urush va mehnat faxriysi keldi. Bugungi kunda 43 nafar faxriy sog‘lomlashtirish kursini o‘tmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Sanatoriyga kelgan faxriylarni shifokorlar ko‘zdan kechirib, ularga tibbiy, fizioterapiya va salomatlikni tiklashga oid muolajalarni tayinlaydi. Da’vo muolajalaridan bo‘sh paytlarda ular toza havoda sayr qilishi, stol o‘yinlarini o‘ynashi va televizor tomosha qilishi mumkin. Madaniy ko‘ngilochar dasturlar doirasida sanatoriyga vaqti-vaqti bilan kino va estrada artistlari tashrif buyuradi.
Har kuni mahalliy diqqatga sazovor joylarga ekskursiyalar tashkil etiladi. Faxriylar sanatoriydagi dam olish va davolanishning tashkiliy jihatlaridan mamnun ekanligini bildirdi.
Izoh (0)