Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich 11-avgust kuni Ukraina Bosh prokuraturasiga ko‘rsatma berish uchun Kiyevga bormaydi, deb xabar bermoqda Meduza.
Yanukovichning advokati Vitaliy Serdyukning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Bosh prokuraturasiga Jinoyat-protsessual kodeksining 138-moddasiga binoan tergov harakatlarida qatnashmaslik uchun uzrli sabablar borligi to‘g‘risida bildirishnoma jo‘natiladi.
Shuningdek, u Yanukovich tergovchilarning savollariga videoaloqa orqali javob berishga tayyorligini yana bir marta ta’kidladi. Qayd etilishicha, avvalroq Ukraina Bosh prokuraturasi ushbu variantni rad etgan.
Bundan tashqari, Yanukovichning advokatlari Ukrainaning sobiq prezidenti sirtdan tergov qilinishi to‘g‘risidagi qarordan shikoyat qilgani aytilgan. “Bunday qaror Yanukovich xalqaro qidiruvga berilganda chiqarilishi mumkin edi. Biroq qidiruv to‘xtatilgan, ushbu qaror uchun asos yo‘q edi”, — dedi Serdyuk. Ukraina sudi bu qarorni bekor qilmasa, Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qilish rejalashtirilgan.
Izoh (0)