Dunyo okeani sathi, uning yuqori qatlamlaridagi haroratning oshishi, atmosfera tarkibidagi karbonat angidrid gazi – bu ko‘rsatkichlarning barchasi 2014-yilda rekord darajani o‘rnatgan. Muzliklarning erishi kuchayishda davom etgan. Bu xulosalar dunyoning 58 ta mamlakati iqlimshunoslari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, Amerika meteorologiya jamiyati varaqasida chop etildi, deb xabar beradi “Segodnya.ua”.
Ushbu ma’lumotlarga qaraganda, sodir bo‘layotgan hodisalar rivojini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Dunyo mamlakatlari karbonat angidrid gazini atmosferaga chiqarilishini keskin chegaralab qo‘yishga kelishib olgan taqdirda ham, sayyoradagi issiqlikni saqlovchi Dunyo okeani yaqin yuz, balki ming yillar davomida qizishda davom etadi.
Quruqlikdagi o‘rtacha yillik harorat 1880-yillardan buyon rekord darajaga yetdi. O‘tgan yili u 1981—2010-yillardagi haroratdan 0,37—0,44 daraja, 1880-yillardagidan esa 0,88 daraja yuqori ekanligi qayd etildi. Bir necha o‘nlab davlatlar, shuningdek, butun Afrikaning havo haroratidagi rekord darajalar yangilandi.
Izoh (0)