Filippin terma jamoasi sardori — Fil Yanghazbend Jahon chempionati saralashining keyingi o‘yinlari haqida, xususan O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Philstar nashriga tayanib, O‘FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
“H” guruhida o‘tkazilgan ikki turdan keyin Filippin terma jamoasi Shimoliy Koreya bilan bir xil — 6 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
“O‘zbekistonga qarshi biz Bahrayn va Yamanga qarshi ko‘rsatganimizdan ko‘ra kuchliroq o‘yin namoyish etishimiz kerak bo‘ladi”, — deydi Angliyaning “Chelsi” klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi.
“O‘zbekiston terma jamoasi tashrif buyurar ekan, aniqki, bu juda yuqori darajadagi o‘yin bo‘ladi. Shuning uchun hammamiz yanada yaxshiroq o‘ynashimiz kerakligini bilib turibmiz. Biroq, menimcha, bizning jamoada raqibimiz tarkibidagi futbolchilarga qarshi munosib o‘yin ko‘rsata oladigan futbolchilar yetarli”, —deya o‘z fikrini yakunladi “Loyola Meralko Sparks” klubida faoliyat olib borayotgan va u yerda o‘tkazgan 50 o‘yinida 56 ta gol urgan hujumchi.
Ta’kidlash joizki, Fil Yanghazbend Filippin terma jamoasining hujum chizig‘idagi eng yaxshi futbolchisi hisoblanadi. U shu vaqtga qadar mamlakat asosiy jamoasi safida 70 o‘yinda maydonga tushib, 42 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol eta olgan.
Eslatib o‘tamiz, Filippin avvalgi ikki turda Bahraynni 2:1 va Yamanni 2:0 hisobida mag‘lub etgan.
O‘zbekiston terma jamoasining Filippinga qarshi safardagi o‘yini 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)