Joriy yilda 33 mingdan ortiq talaba “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakatida ishtirok etadi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Ular 721 obyektda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarida qatnashishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar ushbu jamoalarga 17 mingdan ortiq yosh jalb etilgan.
“Bunyodkor” mehnat guruhlari talaba-yoshlarning mutaxassis va shaxs sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Bunda yoshlar jamoada ishlash, qolaversa, muomala madaniyatini orttiradi”, – deydi “Kamolot” YoIH markaziy kengashining faol va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Shavkat Zayniddinov.
Mazkur mehnat harakatiga yigit-qizlar ko‘ngilli tarzda qabul qilinadi. Ularga ishga tushishdan oldin rejalashtirilgan mehnat turi bo‘yicha tushuntirish beriladi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
“Kamolot”ning hududiy kengashlarida “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakatini tashkil etish, mehnat obyektlari va ish o‘rinlarini aniqlash bo‘yicha boshqaruv shtablari tashkil etilgan. Oliy ta’lim muassasalari va mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakatini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, 2014-yili mazkur loyihaga 30 mingdan ortiq yigit-qiz jalb etilgan edi.
Izoh (0)