Twitter mikrobloglar servisi shaxsiy xabarlardagi 140 ta belgilarga cheklovni olib tashlaydi, deb xabar beradi “RIA Novosti” kompaniyadagi Direct Messages loyihasi rahbari Sachin Agarvalga tayanib. Yangilik 2015-yilning iyul oyidan amal qiladi.
Yangi limit o‘n mingta belgidan iborat bo‘lishi kutilmoqda. “Sizga bu yangilik Twitter xabarlarida qanday aks etishi qiziqarli bo‘lishi mumkin. Hech qanday! Tvitlar uzunligi avvalgidek 140 ta belgi bilan cheklanadi”, — deydi Agarval.
7-aprelda mikrobloglar servisi qo‘shimcha 116 ta belgi bilan retvit qilingan tvitni sharhlovchi funksiyani ishga tushirgan edi. Bu xizmat veb versiya va iOS dasturi uchun mo‘ljallangan. Yaqin kelajakda bu xizmatdan Android qurilmalari egalari ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Twitter mikrobloglar servisi 2006-yilning iyul oyidan ishga tushgan bo‘lib, hozirgi kunda 500 milliondan ortiq foydalanuvchi unda ro‘yxatdan o‘tgan.
Izoh (0)