Ispaniya qiroli Filipp VI o‘z opasi Kristinani Palma de Malyorka gersoginyasi unvonidan mahrum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”. Shuningdek, uning turmush o‘rtog‘i Inyaki Urdangarin ham gersog unvonidan mahrum qilindi.
Kristina va Inyaki Urdangarin moliyaviy tovlamachilikda shubha ostiga olingan va shu tufayli sudlanishi mumkin. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Urdangarin va uning sobiq hamkori Diego Torres Noos instituti boshqaruvi a’zolari orasida bo‘lib, ushbu jamoatchilik tashkiloti Balear orollari va Valensiya byudjetidan yirik mablag‘larni qabul qilib, tor doiradagi shaxslar tomonidan o‘zlashtirish uchun niqob vazifasini o‘tagan xolos.
Institut mahalliy hukumat bilan turli sport loyihalar uchun tuzilgan shartnomalar qiymatini oshirgan va olingan mablag‘ni keyinchalik turli tijorat firmalariga, jumladan er-xotinga tegishli “Ayzoon” kompaniyasiga o‘tkazib bergan. Shu yo‘l bilan 6 million yevrodan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Balear orollari prokuraturasi Urdangarinni 19,5 yilga ozodlikdan mahrum qilishni taklif etmoqda. Jamoatchilik ayblovini ilgari surayotgan “toza qo‘llar” birlashmasi esa Kristinani ham tovlamachilikka aloqadorlikda ayblab, uni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilish lozim deb hisoblamoqda.
Izoh (0)