Toshkentda “Moda va dizayn – 2015” xalqaro moda festivali ochildi. Unda O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning taniqli dizaynerlari, yetakchi moda va dizayn maktablari vakillari ishtirok etmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Tadbirning ochilish marosimida paxta tolasini qayta ishlash bo‘yicha boy an’analarga ega to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj sanoati O‘zbekiston makroiqtisodiyot kompleksida mustahkam o‘rin egallab kelayotgani ta’kidlandi. Qulay investitsiya muhiti va samarali huquqiy baza mavjudligi natijasida yengil sanoat korxonalari salmoqli yutuqlarga erishmoqda.
Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, sohada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foiz, xalq iste’moli tovarlari 21,2 foizga o‘sdi. Ayni paytda jalb qilingan investitsiyalar hajmi 30,1 million dollarni tashkil etib, qiymati 194,1 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash va ularni xalqaro bozorga chiqarish masalasi sohadagi muhim masalalardan biridir. Bularni e’tiborga olgan modelyerlarimiz korxonalarda yangi namunadagi mahsulotlarda o‘z g‘oyalarini mujassamlashtirib, zamonaviy liboslar yaratmoqda.
Ularning aksariyati “Moda va dizayn – 2015” xalqaro festivalida namoyish etilayotir. Ushbu o‘ziga xos loyiha milliy moda va moda sanoatini yanada rivojlantirish, yangi nomlarni kashf etish, yosh dizaynerlar va sohaga aloqador ijodkor sulolalarga keng imkoniyatlar yaratish, yangidan-yangi matolar va aksessuarlar ishlab chiqarishga qaratilgan.
Yangi sanoat kolleksiyalarini yaratish maqsadida Yevropa va Osiyoning yetakchi dizayn maktablari va kompaniyalari yangiliklarini an’anaviy o‘zbek dizayn maktabi bilan uyg‘unlashtirish xalqaro festivalning asosiy konsepsiyasiga aylangani ham bejiz emas.
Festivalda Janubiy Koreya, Singapur, Italiya, Fransiya va boshqa mamlakatlardan dizayner va ekspertlar ishtirok etmoqda. Ular ishtirokida tashkil etilgan seminar-treninglarda mamlakatimiz modelyer va stilistlari, moda sanoatining boshqa vakillari sohaning taniqli ustalari bilan muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Festival doirasida o‘tkazilayotgan mahorat saboqlari yuqori malakali mutaxassislar tajribasini o‘rganish, fikr va taassurotlar bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi. Festivalning birinchi kunida ishtirokchilar yapon tikuvchiligi uslubi, jumladan, dizayni, bichimi, matolari bilan tanishdi, shuningdek, bejirim libos yaratish bo‘yicha Janubiy Koreya uslubiyatini o‘rgandi. Shuningdek, Italiya va Fransiyaning taniqli dizaynerlari tomonidan “Muhtasham dizayn va Made in Italy. Go‘zallik estetikasi” va “Moda tendensiyasi – 2016” mavzularida seminar-trening o‘tkaziladi.
– Xalqaro moda va dizayn festivali rang-barang tadbirlari bilan yorqin taassurot qoldirmoqda, – dedi Tegu shahri dizayn va moda instituti professori Kim In Og (Janubiy Koreya). – Biz seminar-trening va mahorat saboqlarida ishtirok etib, modaning milliy va zamonaviy uslublari, yo‘nalishlarini muhokama qildik. Ushbu tadbir yosh o‘zbek dizaynerlarining intiluvchanligi va izlanuvchanligini yana bir bor namoyon etdi.
Festival doirasida o‘tkazilgan tadbirda “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari va mamlakatimizning taniqli dizaynerlari tomonidan yaratilgan bejirim liboslar namoyish etildi. Erkaklar, ayollar va bolalar uchun mo‘ljallangan bayramona va kundalik liboslar muxlislar e’tiboriga havola qilindi. Turfa rang, naqsh va bichimlar mutanosibligi xalqimizning boy madaniy merosi va go‘zallikka intilishidan dalolat beradi.
– O‘zbekiston noyob naqsh va ranglar bilan bezatilgan liboslar dizaynini tayyorlash, ularni qo‘lda va mashinada tikish borasida o‘z an’analariga ega, – deydi Coralie Amsellem kompaniyasi dizayneri Briolin Kristofe (Fransiya). – Shu bois mamlakatingiz bilan hamkorlik qilish bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zaro hamkorlik o‘zbek milliy naqshlari tushirilgan o‘ziga xos yangi matolar kolleksiyalarini yaratish imkonini beradi.
Festivalda xalqaro dizaynerlar, jumladan, Frank Boclet va Francsorbie brendlarining (Fransiya) erkaklar liboslari kolleksiyalari, Incanto kompaniyasi (Italiya) trikotaj kiyimlari, dizayner Seta Ichiro (Yaponiya) va boshqalarning turli mahsulotlari namoyish qilindi.
– Toshkent moda va dizayn festivali o‘zbek dizaynerlarining jahon sahnasiga chiqishi uchun yana bir imkoniyatdir, – dedi Setaichiro brendi dizayneri va asoschisi Seta Ichiro (Yaponiya). – Bunday keng ko‘lamli tadbir moda va dizayn sohasida xalqaro tajriba almashish imkonini beradi. Festival O‘zbekiston milliy brendini xalqaro miqyosda shakllantirish va namoyon etish borasida o‘ziga xos imkoniyat yaratadi.
Festival milliy moda va dizayn sohasini yuksaltirish, dizaynerlarimizning xalqaro darajaga chiqishi, milliy an’analarimizni asrab-avaylash va targ‘ib etish, shuningdek, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim voqeaga aylandi.
Izoh (0)