Chechenistondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Nurdi Nuxajiyev ko‘pxotinlilikni rasmiylashtirishni yoqlab, bunday o‘ziga xos masalalar AQShdagi kabi mintaqalar doirasida hal qilinishi lozimligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Meduza.
“Mamlakatda bor ovoz bilan va butunlay jiddiy tarzda fohishalik, bir jinsli nikohlar va jinsiy ozchiliklarning bola asrab olish huquqini rasmiylashtirishni talab qilayotgan va erishayotgan kuchlar mavjud. Bularning barchasi yaxshilik sifatida ko‘rilyapti. Musulmonlar o‘z huquqlarini talab qila boshlaganda esa, bu go‘yoki yomon narsa deb qabul qilinadi. Aytgancha, hali hech kim Rossiya Konstitutsiyasining diniy e’tiqod to‘g‘risidagi moddasini bekor qilgani yo‘q”, − dedi Nuxajiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya dunyoviy davlat bo‘lsa ham, bu yerda 20 milliondan ortiq musulmon yashaydi va qonunlar islomga e’tiqod qiluvchi xalqlarning oila instituti o‘ziga xosliklarini inobatga olishi lozim. Nuxajiyevning ta’kidlashicha, ko‘pxotinlilikning qonuniylashtirilishi yuz minglab ayollarning qonuniy nikohli hayoti va 100 minglab bolalarning qonuniy biologik otasi bo‘lishini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Checheniston rahbari ma’muriyatining boshlig‘i Magomed Daudov, shuningdek Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘zi bu masalani yoqlab chiqqan. Bunday muhokamalar 47 yoshli militsioner va 17 yoshli qizning to‘yidan keyin boshlanib ketgan edi.
Izoh (0)