Toshkentdagi Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on ko‘chalari chorrahasida yo‘l-patrul xizmati avtomobili yo‘l harakati qoidalarini buzgani aks etgan video Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhiga joylashtirildi.
Avtomobil videoregistratori orqali yozib olingan lavhada davlat raqami 01 445 VSD bo‘lgan yo‘l patrul xizmati mashinasi yo‘lning eng chapdagi bo‘lagidan kelishiga qaramay svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamay, o‘ngga qayrilib o‘tib ketgani ko‘rinib turadi. Bu vaziyatda avtomobilning maxsus mayog‘i ham, sirenasi ham yonmagan. Ushbu hodisa 2015-yil 6-may kuni soat 12:46 da ro‘y bergan.
Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi qarorining 7.1 bandiga muvofiq, ko‘k rangli yalt–yalt etuvchi chiroq–mayoqchasi va (yoki) maxsus tovushli ishorasi yoqilgan tezkor va maxsus xizmat transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan qoidalarning ba’zi bandlaridan chetga chiqishlari mumkin. Ko‘k rangli chiroq mayoqchaga qo‘shimcha qizil rangli chiroq–mayoqcha ham yoqilishi mumkin. Boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan imtiyozga ega bo‘lishlari uchun bunday transport vositalarida yalt–yalt etuvchi chiroq mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishorasi yoqilgan bo‘lishi shart. Ular o‘zlariga yo‘l berilayotganligiga ishonch hosil qilganlaridan so‘nggina imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamaslik uchun eng kam ish haqining ikki baravari (236 800 so‘m), yo‘l belgilariga amal qilmaganlik uchun esa 50 foizi (59200 so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.
Izoh (0)