Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan joriy yilda hududdagi 26 yozgi dam olish markazida 11 ming nafar o‘quvchining ko‘ngilli dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
– Dam olish maskanlarini mavsumga tayyorlashda asosiy e’tibor oromgohlardagi suv ta’minoti, oziq-ovqat xavfsizligi, turli madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari, jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalariga qaratildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi boshlig‘i Quat Qadrimbetov. – 4 doimiy hamda 22 kunduzgi bolalar oromgohlari bolajonlarning yozgi dam olish mavsumini maroqli o‘tkazishi uchun shay holga keltirildi.
Bolalarning dam olishini tashkil etish va ularni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan oromgohlarda “Intellektual rivojlantirish” va “Harbiy sport-sog‘lomlashtirish” markazlari, ko‘chma kutubxona va turli to‘garaklar tashkil etish, har xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazish rejalari ishlab chiqilgan.
– Yozgi mavsumda 700 o‘quvchining maroqli dam olishi, salomatligini tiklashi uchun barcha qulaylik yaratildi, – deydi Xo‘jayli tumanidagi “Oydin yo‘l” bolalar oromgohi rahbari Georgiy Li. – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni – 1-iyunda faoliyatimizni boshlash uchun hamma narsa shay holga keltirildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, joriy mavsumda Toshkent shahri, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi oromgohlarda 3 ming nafar qoraqalpog‘istonlik o‘g‘il-qizning dam olishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)