Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev yana bir bor mulkni qonuniylashtirish masalasini ko‘tardi. Bu haqda Nur.kz xabar bermoqda.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev badavlat qozog‘istonliklarni ogohlantirib, daromadlar va xarajatlarni majburiy deklaratsiya qilish tartibi o‘rnatilganidan so‘ng hech kim ayab o‘tirilmasligini ta’kidlagan.“Deklaratsiya qilish tartibi joriy etilganidan so‘ng, pulni yashirib o‘tirishdan foyda yo‘q – barcha ro‘yxatlar e’lon qilinadi, kim pulini yashirib o‘tirgan bo‘lsa, u pullar yo‘qoladi. Yaxshisi, o‘sha pulni Vatanga olib kel, shu yerda ishlat – biz seni kechiramiz, oddiy qilib aytganda. Huquqni muhofaza qilish organlari seni ta’qib etmaydi”, - dedi Nazarboyev.
Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, deklaratsiya tartibi joriy etilganiga qadar o‘zining xorijdagi mulklarini qonuniylashtirishgan shaxslar ta’qib etilmaydi, biroq shundan keyin jahonning istalgan yerida topilgan Qozog‘iston mulki Ostonaga olib kelinadi.