Toshkent shahri chorrahalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilishi bo‘yicha ish olib borilayotganidan ko‘pchilikning xabari bor. Mazkur ish joriy yilning yakuniga qadar to‘liq bajariladi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YXXB jamoatchilik va OAV bilan aloqa qilish bo‘linmasi boshlig‘i, podpolkovnik Zoir Saydaliyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Telegraf.uz”.
“Video kuzatuv moslamalari poytaxtimizning serqatnov chorrahalariga o‘rnatiladi. Ayni vaqtda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda va bu moslamalarni joriy yilning oxirigacha to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. Video kuzatuv moslamalari avtomatik boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri, onlayn tarzda ishlaydi”, — deydi Zoir Saydaliyev.
“Yaratilayotgan tizim shahrimizning serqatnov chorrahalarida vujudga kelayotgan vaziyatlarni kuzatish hamda harakatni avtomatik tarzda tartibga solish imkonini beradi. Shu bilan birga yo‘l harakati qoidabuzarliklarini tezkor va o‘ta aniq darajada belgilash choralarini ta’minlaydi. Ushbu yangilik chorrahalardagi svetoforlarning ishlash tartibini muvofiqlashtirish evaziga ko‘chalardagi qatnovni izchillashtiradi. Transport tirbandligi darajasi 20−25 foizga kamayib, ko‘zlangan manzilga yetib borish vaqtini qisqartirish imkonini beradi. O‘z navbatida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligi darajasini oshirib, yo‘l-transport hodisalari sonining keskin kamayishiga olib keladi, transport vositasining yoqilg‘i sarf-xarajatini ham tejaydi. Eng muhimi, shahrimizdagi ekologik vaziyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki, avtoulovning yoqilg‘i sarfi iqtisod qilinsa, dvigatelning zararli chiqindilari 5−10 foizga kamayadi”, — dedi Zoir Saydaliyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent chorrahalarida o‘rnatilayotgan kuzatuv kameralari 2015-yil mart oyida ishga tushirilishi xabar berilgan edi.
Izoh (0)