8-aprel kuni Qurolli Kuchlar davlat muzeyida buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temurning 679 yilligi munosabati bilan “Amir Temur va Temuriylar tarixiga oid bilimlar bilimdoni” mavzusida oliy harbiy bilim yurtlari kursantlari o‘rtasida breyn-ring bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi ma’lum qildi.
Unda Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti kursantlarining “Temur vorislari”, Chirchiq oliy tank muhandislik bilim yurti kursantlarining “Amir Temur avlodlari” jamoasi, Axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi maxsus fakultet kursantlarining “Lochinlar” va Tibbiy akademiya qoshidagi harbiy tibbiy fakultet kursantlarining “Yosh harbiy shifokorlar” jamoalari o‘zaro kuch sinashdilar.
Breyn-ringda kursantlarning Amir Temur va Temuriylar davriga oid bilimlari savol-javob usuli orqali sinovdan o‘tkazildi. Final natijalariga ko‘ra, Axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi maxsus fakultet kursantlarining “Lochinlar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. G‘oliblar Mudofaa vazirligining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.